Tasavvuf maktabining yirik namoyandalari asarlarida aks etgan ijtimoiy qarashlarda diniy tushunchalar, shariatning huquqiy me’yorlari hamisha falsafa va ma’naviy tarbiya bilan bog‘liq holda o‘zaro uyg‘unlikda rivojlanib kelgan. Ular insoniyat taraqqiyoti tarixining bir bo‘lagida mutlaqo yangi va o‘ziga xos ma’rifiy, tarbiyaviy ta’limotlar yaratdilar. Ularning ilmiy qarashlari, ta’lim-tarbiya sohasidagi g‘oyalari amalda XXI asrga qadar yashab kelayotir. Ahmad Yassaviy va “yassaviya” tariqati ma’naviy, ma’rifiy merosi ham shular qatoridadir.
Xoja Ahmad Yassaviy o‘ziga qadar o‘tgan mutafakkirlarning komil inson va uni tarbiyalash haqidagi fikrlarini yuksak hurmat qilgan. Chunki X-XI asrlarda yashab ijod qilgan bir qator buyuk allomalar komil inson tushunchasini payg‘ambarlarga nisbatan ishlatganlar. Ularning izdoshlari va davomchilari bo‘lgan avliyolar, allomalar, fozil va solih insonlarning ijtimoiy hayotdagi maqomlari ularniki bilan qiyoslangan, komillik darajasi belgilangan. Xoja Ahmad Yassaviy ham yillar davomida ilmini rivojlantirib, olamni mushohada qilib bu fikrlarga qo‘shiladi. Chunki u «nodon bilan ulfat» bo‘lib ham ko‘rgan. Lekin bunday «ulfatchilik»lardan bag‘ri kuyib, jondan to‘ygan.
Mabodo, egrilik, nohaqlik kabi salbiy odatlar – yo‘l, deb ataladigan bo‘lsa, bunda nodonning yo‘li noto‘g‘ri, egri yo‘ldir. Shuning uchun bunday shaxsni yaxshilik, ezgulik, to‘g‘rilikka yo‘llash natijasiz bir harakatdir. Chunki nodon o‘zganing fikrini qabul qilmagani uchun ham nodon. Natijasiz harakat esa dono, bilimdon odam uchun hijron dog‘iday azobli, uning qoni dardlidir.
Dog‘i hijron ezdi bag‘rim, qonim dardmand,
Dono tufrog‘, nodonlarning ko‘ksi baland
Oyat, hadis bayon qilsam, qilmas pisand.
Ko‘ksim teshing, dardu g‘amga to‘ldim mano.[1]
Ahmad Yassaviy asaridagi bir-birining mazmunini to‘ldirib boruvchi hikmatlarida faqat «zoti bilim libosidan mahrum», ya’ni kaltafahm va xudbin kimsalargina nodon hisoblanmaydi. U olimman, deb kitob o‘qib, ma’nosini uqmaydiganlar, fikrsizlik zulmatidagi kishilar, ruhiy olami nochor, qalbi qorong‘u amaldor shaxslarni ham ashaddiy nodonlar safiga qo‘shadi. Komil insonni shakllantiruvchi omillar – bilim hamda yoronlar “adab”ining jamiyatdan ketishini ham albatta, nodonlik tazyiqi oqibati, deb biladi. Xoja Ahmad Yassaviy keyingi fikrlarida halol bilan haromning farqiga bora olmaydigan nafs quliga aylangan xaloyiq uchun «maloik»lardan sharm qiladi. Shoirning fikri ko‘ra, komil inson o‘zidagi mardlik, donolik, oyat va hadislarni tushunib yetish, nafsni har qanday sharoitda tiyib tura olish kabi yana qanchalab zarif sifatlarni to‘g‘ri tarbiya orqali paydo qiladi.
Nodonlarni mendan so‘rma, ko‘ksum chaqa,
Haqdin qo‘rqib, motam tutsam, kular qah-qah,
Og‘zi ochuq, nafsi ulug‘, misli laqqa,
Nodonlardan qo‘rqib, senga keldim mano.[2]
Yuqorida keltirilgan bir qator hikmatlardan ko‘rinib turibdiki, Xoja Ahmad Yassaviy uchun yoshlarning komil inson bo‘lib shakllanish asosini ruhiy poklanish, nafsni tiyish, irodani kuchaytirish, o‘zini o‘zi qayta tarbiyalash kabi omillar tashkil qiladi. Bularning barchasi shaxs ma’naviyati, dunyoqarashi, ruhiy holatlari bilan bog‘liq jarayonlardir. Tarixiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Ahmad Yassaviyning bir qancha shogirdlari orasidan buyuk shaxslar yetishib chiqqan. Jumladan, uning shogirdi Sulaymon Boqirg‘oniy ulug‘lar ulug‘i, jahonga mashhur bo‘lgan turkiy tasavvuf ilmi va she’riyatning taniqli arbobi hisoblanadi. U ustozi Ahmad Yassaviyning ilm va mehr bo‘log‘idan bahramand bo‘lganligini quyidagi satrlar orqali o‘z ijodida ifodalaydi:
Shariati orasta, tariqati payvasta,
Haqiqatda shoyista shayxim Ahmad Yassaviy,
Shariatni so‘zlagan, tariqatni izlagan,
Haqiqatni bildurgan shayxim Ahmad Yassaviy.
Yoki
Xizr birla suhbatlik, Ilyos bilan ulfatlik,
Haq qoshinda xurmatlik shayxim Ahmad Yassaviy.
Turkistonga boroling, xizmatida bo‘loling,
O‘lush bersa oling, shayxim Xoja Ahmad Yassaviy[3].
Shogirdlar tomonidan bitilgan ushbu satrlar she’riy nafosat, fikrlar uyg‘unligi, ma’no va mazmun to‘qligi, tilining shirinligi jihatdan xam ustoz — Xoja Ahmad Yassaviy tili, e’tiqodi, bilimnga yaqindir. Ya’ni bu to‘rtliklar Sulaymon Boqirg‘oniyning o‘z ustozkga e’tiqodi, mexr-oqibati, din-shariatiga muxabbati, axloq-odobga diyonati haqida bayon qiladi. Bugungi kunda ustoz-shogird munosabatlarini boyitishda bu misralar yoshlarga ibrat va saboq bera oladi.
Sulaymon Boqirg‘oniy ustozining tariqati qoidalarini yanada chuqurlashtirib keng xalq ommasiga yetkazgan. Qul Sulaymon taxallusi bilan yassaviyona sodda, ravon uslubda she’rlar yozgan. O‘z asarlarida islomni, shariat va tariqat qoidalarini targ‘ib qilgan, kishilarni u dunyoni o‘ylab yashashga, Allohning karamidan bahramand bo‘lishga da’vat etgan. Sulaymon Boqirg‘oniy ma’rifatni Allohni tanish, uning nazariga tushish, deydi. Oliy muhabbatni Allohga bo‘lgan muhabbat, deb tushuntiradi. U tariqat yo‘lini komil insonni tarbiyalash yo‘li, jannatga eltuvchi yo‘l, deb biladi. Tasavvuf ta’limotiga ko‘ra insonning bosh maqsadini muhabbat, poklik tashkil qiladi. Olamga, borliqqa bo‘lgan muhabbat xudo ishqi sifatida talqin qilinadi. Bunday muhabbat esa odamdan faqat yuqori darajadagi ko‘ngli poklik va nafs ehtiyojlaridan ozod bo‘lishni talab etadi. Bu holat Sulaymon Boqirg‘oniy dunyoqarashini shakllantirgan ma’naviy ildizlardan birini tashkil qiladi. Chunki uning muhim va ibratli xususiyatlaridan biri — shaxsning o‘z-o‘ziga tanqidiy qaray olishi, o‘ziga murosasizligidir. Sulaymon Boqirg‘oniyning nuqtai nazariga ko‘ra, ayyorlik, gunohlarni yashirish o‘zgalarga xiyonat hisoblanadi. Bu fikrlari bilan Sulaymon Boqirg‘oniy rostgo‘ylik, halollik, o‘z-o‘ziga talabchanlikni targ‘ib qiladi. Ma’lumki, tasavvufdil pokligi va Ruh komilligiga o‘rgatadigan ta’limotdir. Tasavvufdagi ko‘p fikrlar nafs va axloq, Ruh va Ishq to‘g‘risidadir. Boqirgoniyning ilohiy ishq haqidagi pedagogik, axloqiy qarashlari quyidagi satrlarda yorqin aksini topgandir:
Mening jonim sening ishqing bilodur,
Tanim ojiz, vale jonim o‘lodur.
Bu ishq gap bo‘lmasa men netkay erdim,
Qamut ohim menim ishqim qilodur…[4]
Qul Sulaymon sherlari mazmunini ilohiy ishq vasfi, tariqat va tasavvuf g‘oyalari talqini tashkil qiladi:
Oshiq bo‘lub, daryosiga cho‘msam, botsam,
Mosuvalloh pardasini kechib o‘tsam,
O‘zdin kechib muhabbatda sizib oqsam,
Sofiy bo‘lub, hazrat tobo borg‘im kelur[5].
Uning hikmatlarida payg‘ambarlar, mashhur shayxlar hayoti va faoliyatining qaysi bir jihatlari o‘z aksini topgan. Ayniqsa, shoirning o‘z ustozi Ahmad Yassaviy tarifidagi misralari etiborga molik:
Subhon Izimni virdi shayxim Ahmad Yassaviy,
Arslon bobom yetkurdi shayxim Ahmad Yassaviy.
Qul Sulaymon fikricha, inson dunyoga ko‘ngil qo‘ymasligi, uning botqog‘idan o‘zini xalos eta olishi lozim, shundagina u haqiqiy maqsadiga yetisha oladi. Tasavvuf olamining Uvays Qaraniy, Ibrohim Adham, Shibliy, Sarri Saqatiy, Ma’ruf Karxiy, Junayd Bag‘dodiy, Boyazid Bistomiy, Yusuf Hamadoniy va uning shogirdi Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Ali Romitaniy, Shamsiddin kulol, Bahovuddin Naqshband, Alouddin Attor, Muhammad Porso, Yoqub Charxiy, Xoja Ahror Vali kabi yana ko‘plab yirik namoyandalari nomlari va ularning tarixdagi xizmatlarini hozir qariyb barcha kitob mutolaa qiluvchi o‘quvchilar juda yaxshi biladi. Zero, ularning har biri o‘z davrida shaxs ma’naviyatini rivojlantirishga oid targ‘ibot ishlarini amalga oshirganlar. O‘zlarining hayot tarzi bilan xosu ommaga namuna bo‘lishgan. Jumladan, Abu Homid G‘azzoliy ta’limotida jamiyat a’zolari bilan totuv yashash, shaxslararo hurmat, xushmuomalalik g‘oyalari ustuvordir. U tariqat yo‘liga kirgan kimsa haqida gapirar ekan, uning go‘zal islomiy axloqqa erishishi va haqqa yetishuvi uchun uzoq hamda mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Bu yo‘lni u shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat bosqichlariga bo‘ladi. Solik Haqqa yetishishi uchun ularning har birida bo‘lishi shartdir. To‘rtinchi, ya’ni oxirgi haqiqat bosqichini egallagan kishi Haqqa yetadi. Haqqa yetishgan inson visolga musharraf bo‘ladi. Aslida bosqichlar tushunchasi so‘fiyning shunchaki oddiy va jo‘n tasavvurlari emas. Bizning davrimizdagi eng yaxshi faylasuf, islomshunos yo sharqshunos ham ularni to‘liq va mukammal sharhlab berolmasa kerak.
Rivoyat qilishlaricha, hayotdagi iqtidorli kishilarning oliy namoyandalari anbiyo (nabilar), avliyo (valilar) xalqni Haqqa yetaklovchi, ularga Haqni tanituvchi payg‘ambarlar ham qarayib xuddi shunday vazifani bajarganlar va ishlarining samaralari darajasida yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lganlar. Bu holatni bugungi kunga qiyoslaydigan bo‘lsak, hozir ham ilm ahli-olimlar, fozillar, mutafakkirlar, ijodkorlar va har bir sohaning o‘z murabbiylari keng omma va yoshlarga turmush mashaqqatlarini yengib o‘tishni o‘rgatib, ularning ongiga ilm durdonalarini yetkazib, hayot haqiqatlarini anglab yetishlariga yordam berib, katta e’tiborga loyiq bo‘ladilar.
Ma’rifat daryosinda g‘avvos bo‘lub,
Muhabbat gavharlarin olg‘um kelur.
Tariqat maydoninda parvoz qilib,
Ul tubo daraxtiga qo‘ng‘im kelur[6].
Sulaymon Boqirg‘oniyning tasavvufiy ilm-ma’rifat hosil qilib, tariqat qoidalari va amallarini o‘zlashtirib, ustozidan xalq irshodiga[7] ruxsat olganidan keyin ham faqirlik yo‘lini tanlab, biror yerda muqim uy-joy qilmasdan, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurib, xalqni ilm, ma’rifatga, hukmdorni imon-e’tiqod, insof-diyonatga boshlovchi, jamiyat rivoji uchun xizmat qiluvchi bilimlarni targ‘ib qilgan. U hikmatlarida mehr, muhabbat tuyg‘ularini tarannum qiladi. Ishqni har narsadan hatto, zuhd va taqvodan ham ustun qo‘yadi. Uni yashashning mazmuni, asosi, deb hisoblaydi.
Xudoyingni bilmassan, nega shukr qilmassan,
Otong-onong barchasi qaro yerga kirdiyo.
Tuvg‘on odam onodin, qurug‘ qolmos o‘lmadin,
Ushbu yurgan odamlar «valloh» o‘lar tediyo[8].
Bu satrlar barcha xalqni ogohlantiruvchi shukronalik tuyg‘usini, nafsdan qochish, bu dunyo bir vaqtinchalik dunyo ekanligini anglatuvchi, ta’lim-tarbiyaviy kuchga ega bo‘lgan misralardir. Komillikning asosini u hamma vaqt tarbiya, ilm ular vositasida aqlni peshlab borish hamda ma’naviy, ruhiy poklikda deb bilgan. Bu kabi ma’rifiy, insonparvarlikni targ‘ib qiluvchi qarashlar shoirga xalq orasida katta shuhrat keltiradi.
Bu ikkala tasavvufshunoslarni tariqatini tahlil qilish shundan dalolat beradiki, bu tariqat xudo vasliga yetishning o‘ziga xos yo‘lini tanlagan va turli amaliy marosimlarni bajarishda boshqa suluklardan farq qilsa ham, mohiyati va mazmuni jihatidan ular orasida mushtarak va o‘xshash tomonlar ko‘p. Bu ta’limotlar to‘g‘rilik, sofdillik, jabr-zulmga norozilik, poklik va halollik, saxiylik va mehr-shafqat, ilm-ma’rifat, kasb-hunarni egallash, adolat uchun kurash, imon-z’tiqodli bo‘lish, mehnat bilan mashg‘ul bo‘lishni targ‘ib qildi, yaramas illatlarni qoraladi. Bu tariqatlarning aynan mana shu jihatlari bugungi kun yoshlar tarbiyasida qimmatlidir.
[1] Аҳмад Яссавий. Девони ҳикмат. – Т.: Ғ.Ғулом номидаги нашриёт матбаа бирлашмаси, 1992. 40 бет.
[2] Аҳмад Яссавий. Девони ҳикмат. – Б. 40; Аҳмад Яссавий. Ҳикматлар. (Ҳикматлар куллиёти). –Т.: “O’zbekiston” НМИУ, 2011. –Б. 56.
[3] Аҳмад Яссавий. Девони ҳикмат. – Т.: Ғ.Ғулом номидаги нашриёт матбаа бирлашмаси, 1992. 195 бет.
[4] Сулаймон Боқирғоний.- «Боқирғон китоби»-Т.: “Ёзувчи”, 1991.-Б.6.
[5] www.kh-davron.uz.
[6] www.kh-davron.uz.
[7] Иршод – тўғри йўлга бошлаш, тўғри таълим бера олиш; Муршид – диний-дунёвий масалалар юзасидан пайдо бўладиган саволларга жавоб топиб беришга қурби етадиган, махсус малака ва тажрибага эга бўлган илмли инсондир.
[8] Сулаймон Боқирғоний.- «Боқирғон китоби»-Т.: “Ёзувчи”, 1991.-Б.41.
O‘razmetov Mangubek Tursunbayevich
Urganch davlat universiteti tadqiqotchisi