Qurbon hayiti arab tilida Iydu-l-Azho deb ataladi. “Iyd” bayram demakdir. Bizdagi hayit so‘zi ham aslida ushbu “Iyd” so‘zining o‘zbekchalashgan ko‘rinishi. Iyd so‘zining ilk harfi halqum harflaridan bo‘lmish ’ayn harfi bo‘lganligi bois uni o‘zbekchada o‘zidek talaffuz qilish biroz qiyin. Shu bois bizning tilda bu so‘z “hayit” o‘laroq ommalashgan. Endi, “iyd”so‘zining kelib chiqishiga kelsak, bu so‘z arabcha “qaytmoq, qaytarmoq, foyda yoki zararni olib kelmoq” ma’nolariga dalolat qiluvchi «عاد» (’aada)fe’liga borib taqaladi. «Al-bahrur-roiq sharhu kanzid-daqoiq» kitobining muallifi mashhur hanafiy faqih Zayniddin ibn Nujaym shunday deydilar: «Iyd so‘zi bilan uning o‘zagi bo‘lgan «qaytib kelish» so‘zi orasida munosabat borligi sir emas. U shuning uchun ham shunday nomlandiki, u kunda Alloh taolodan bandalarga lutfu-inoyat, in’omu-ehsonlar qaytadi; Yoki bunday nomlanishiga sabab, u kun takror-takror keladi, qayta-qayta nishonlanib, bayram qilinadi; Yoxud u odamlarga shodlik olib kelgani uchun shunday nomlangan; Yo esa, xuddi karvonni yaxshi niyat bilan «qofila» ya’ni «qaytib keluvchi» deb nomlaganlari singari, bu kunga ham qayta yetishish nasib bo‘lishiga umid bog‘lab, nekbinlik yuzasidan «iyd»nomiberilgan».
Ozod, sog‘lom, oqil va bolig‘ bo‘lgan erkak musulmon kishiga iyd namoziga hozir bo‘lish vojibdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam iyd namozini muntazam ravishda qoim qilganlar, hech qachon tark qilmaganlar. Iydul-Azho kunida rioya qilish mustahab sanalgan va behad ajru savobli bo‘lgan ma’lum ishlar va odoblar bor. Quyida ularning ayrimlariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Hayit namoziga chiqishdan oldin g‘usl qilish, bisotidagi liboslarning eng yaxshisini kiyish va hushbo‘ylanish. Negaki, bu shunday ulug‘ bayram va shodiyonaki, u kunda musulmonlarning hay’atida ham bayramona kayfiyat ko‘rinib turishi kerak. Boz ustiga, hayit namoziga ketayotgan odam albatta izdihomga ro‘baro‘ bo‘ladi. Shu bois ham undan hushbo‘y hidlar taralib turishi maqsadga muvofiqdir. Yangi kiyimi bo‘lmasa, kiyimlari ichidan eng yaxshisini tanlab, yuvib-dazmollangan holda kiyishi mustahabdir. Nabiy alayhissalom har hayitda Yamandan keltirilgan qizg‘ish rangli to‘nlarini kiyganlari rivoyat qilingan. Iydul-Azho kuni Iydul-Fitr kunidan farqli o‘laroq, hayit namoziga hech qanday yegulikdan totinmagan holda chiqib ketib, namozdan qaytgach, so‘ygan yoki o‘ziga hadya etilgan qurbonlikning go‘shtidan yeyish mustahabdir. Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qiladilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni narsa yemaguncha namozga chiqmas edilar, Azho kuni esa hayit namozini o‘qib bo‘lmaguncha narsa yemas edilar” (Termiziy, Ibn Moja va Ibn Hibbon rivoyatlari). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Azho kuni namozdan oldin taom yeyishdan tiyilishlarining hikmati haqida Mullo Ali Qoriy (r.h.) bunday deydilar: “Buning sababi o‘sha kunda birinchi bo‘lib yeydigan narsasi o‘z qurbonligining go‘shtidan bo‘lmog‘i uchundir. Zero, Alloh taolo aytadi: «Bas, undan (ya’ni so‘ygan qurbonligingizning go‘shtidan) yenglar va bechora-kambag‘allarga ham yediringlar!» Shu bois ham, Allohning amriga bo‘ysunish yuzasidan u kuni eng birinchi yeyiladigan narsa qurbonlik go‘shti bo‘ladi”
S.Sapayev
Xiva tumani bosh imom-xatibi