Mehr – oqibatli bо‘laylik!

Islom dini har bir insonning qadr-qimmati, haq-huquqi va vazifalarini ta’minlashga yо‘naltirilgan dindir. U insonlarni kamsitish, ularning huquqlarini poymol qilishni qattiq qoralaydi. Nogironlikka ega bо‘lgan insonlar ham jamiyatning teng huquqli a’zolari ekanligi va ularga alohida g‘amxо‘rlik kо‘rsatish islom ta’limoti asosida muhim ahamiyat kasb etadi.
Islomning muqaddas manbasi Qur’oni Karimda insonning qadriyatlari va jamiyatdagi о‘zaro hamjihatlik haqida bir qator oyatlar mavjud. Alloh ta’olo insonlarni turli xil sinovlar bilan imtihon qiladi va bu sinovlar adolatlilik va insoniylikni namoyon qilish uchun bir imkoniyat hisoblanadi. Qur’onda shunday deyiladi:

لَقَدْ خَلَقْنَا الْإِنْسَانَ فِي أَحْسَنِ تَقْوِيمٍ
«Biz insonni eng gо‘zal suratida yaratdik.» (Tin surasi, 4-oyat)
Bu oyatdan kо‘rinib turibdiki, Alloh har bir insonni uning tashqi kо‘rinishi yoki holatiga qaramasdan qimmatli va mukammal qilib yaratgan. Shuning uchun ham nogironlik insonning qadr-qimmatini kamsitmaydi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlari ham nogironlarga nisbatan mehr-shafqat kо‘rsatishning ulkan namunasidir. Bir kuni Nabiy alayhissalomga Abdulloh ibn Umm Maktum degan kо‘zi ojiz sahoba murojaat qildi. Uning ehtiyojlariga e’tibor qaratish paytida Alloh Nabiy alayhissalomga Abasa surasini nozil qildi. Surada nogiron insonlarga nisbatan hurmatli va muloyim munosabatda bо‘lish kerakligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Umm Maktumni Madinadagi muhim vazifalardan biri – muazzinlik va hatto о‘zlarining о‘rinbosarlari sifatida tayinlaganlar. Bu voqea nogiron insonlarni jamiyatning tо‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilish kerakligini kо‘rsatadi.
Islom ulamolari ham nogiron insonlarni qо‘llab-quvvatlash masalasiga katta ahamiyat berganlar. Ularga kо‘ra, jamiyatning har bir a’zosi nogiron insonlarga nisbatan mas’ul bо‘lib, ularning ehtiyojlarini qondirish uchun harakat qilishi kerak. Mazkur mas’uliyat nafaqat davlat va jamiyat zimmasida, balki har bir alohida shaxsning zimmasida ham bor.
Imom al-G‘azzoliy rahmatullohi alayhi о‘z asarlarida shunday degan:
«Alloh zaiflarning orqali sizni sinovdan о‘tkazadi. Agar siz zaiflarni qо‘llasangiz, Alloh sizni quvvat bilan mukofotlaydi.»
Manba: Ihyo ulumid-din, 2-jild, 195-bet.

Islomda kimki boshqalarga yordam bersa, Alloh uning ishlarini oson qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
«Kim bir musulmonning mashaqqatini yengil qilsa, Alloh qiyomat kuni uning mashaqqatlarini yengil qiladi.»
(Muslim rivoyati)
Bu hadisdan ma’lumki, nogiron insonlarga yordam berish nafaqat insonparvarlik, balki dindorlikning ham muhim qismi hisoblanadi.
Bugungi kunda jamiyatimizda nogiron insonlarning huquqlarini ta’minlash va ularning ehtiyojlarini qondirish yо‘lida kо‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, masjidlar va jamoat binolarini nogironlar uchun qulay shart sharoitlar yaratish, ular uchun maxsus tahoratxonalar, kirib chiqish uchun maxsus yо‘laklar va panduslarning tashkil qilinishi, ularga maxsus ta’lim va tibbiy xizmatlar kо‘rsatish kabi tashabbuslar qо‘llab-quvvatlanmoqda. Sо‘ngi yillarda brayl alifbosidagi Qur’oni karimning kо‘zi ojiz insonlar uchun taqdim etiliib kelinmoqda. Shuningdek bir qancha yillardan beri har yili vatanimizning barcha hududlarida О‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi viloyat vakilliklari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, masjidlar va ziyoratgohlarda “Siz bizga keraksiz” shiori ostida doimiy о‘tkazib kelinayotgan tadbirlar majmuini alohida ta’kidlash zarur. Mazkur tadbirlarning ahamiyatli jihati shundan iboratki, unda minglab nogironligi bor shahslarga quvonch ulashiladi, ahli oilalariga quvonch ulashiladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hadislarida: «Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandchilik kirgizishdir», deganlaridek bunday insonlar kо‘ngillari kо‘tarilib, qalblariga xursandchilik ulashiladi.

Islom ta’limotiga asoslanib, har bir inson nogironlarga nisbatan ehtiromli, sabrli va yordamchi bо‘lishga intilishi kerak. Bu esa nafaqat dinimizda, balki insoniylik qoidasida ham yuksak qadrlanadigan fazilatdir.
Islomda nogironlarni qо‘llab-quvvatlash masalasi adolat, mehr-shafqat va insonparvarlik asosida qaror topgan. Qur’oni Karim va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini о‘rganar ekanmiz, nogiron insonlarni himoya qilish va ularga yordam berish savobli ish ekanligi nomoyon bо‘ladi. Har bir musulmonning vazifasi imkoniyati cheklangan nogiron shahslar uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning hayotda faol bо‘lishiga kо‘maklashishdir. Bu orqali jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga hissa qо‘shilgan bо‘ladi.
Alloh ta’olo barchamizni mehr oqibatli, hamda о‘zaro yordam beradigan solihlardan aylasin!

Qо‘shkо‘pir tumani “Hazrati Imorat bobo”
masjidi imom-xatibi Umarxо‘ja Malikov