Kunlardan bir kun bir kishi o‘ralgan, muhrlangan bir xaltachani do‘stining huzuriga keltirib:
— Do‘stim, men safarga chiqib ketayotibman, ichida ming oltin bo‘lgan shu xaltachani senga omonat topshiraman, safardan qaytib kelganimdan so‘ng ola-man,—deb xaltachani topshirdi va o‘sha kun safarga chiqib ketdi. Safari uzoq vaqtga cho‘zildi.
Do‘sti omonatga xiyonat qilib, xaltachaning bir tomonini so‘kdi, oltinlarni olib, tangalar bilan to‘lg‘izdi, so‘kilgan joyini hech bilinmaydigan qilib tikib qo‘ydi. Oradan o‘n yil o‘tgandan keyin omonat egasi safardan qaytib kelib, do‘stidan qo‘ygan omonatini talab qildi. Do‘sti xaltachani chiqarib berdi. Omonat egasi xaltachani ochib, tangalarni ko‘rgach, hayron bo‘lib do‘stidan:
— Xalta ichidagi oltinlarim qani?—deb so‘ragandi, do‘sti inkor qilib: «Xaltachaga nima solib qo‘ygan bo‘lsang, shunday turibdi, qarab ko‘r, bosgan muhring ham buzilmagan, tag‘in nima da’vo qilasan»,— dedi. Omonat egasi xaltachani olib shahar qozisiniig huzuriga borib voqeani bayon qildi. Qozi juda aqlli va tadbirli odam edi. U darhol xiyonatchi do‘stni chaqirib olib, omonat egasining shikoyatini aytdi. Xiyonatchi do‘st inkor etishda davom qildi.
— Omonat qo‘yganingga necha yil bo‘ldi?— deb so‘ragan edi, u kishi omonat qilib topshirganiga o‘n yil bo‘lganini aytdi.
Qozi hamma tangalarning bosilgan yillariga ko‘z tashladi. Tangalarning bosilganiga ikki-uch yildan ortiq bo‘lmagan edi. Qozi xiyonatchi do‘stga tangalar-ning bosilgan yillarini ko‘rsatgan edi, u sharmanda bo‘lib, qilgan aybiga iqror bo‘lishga majbur bo‘ldi. Tadbirli, farosatli qozi oltinlarni xiyonatchidan olib egasiga topshirdi.
Qozining buyrug‘i bilan xiyonatchini eshakka teskari mindirdilar. «Omonatga xiyonat qilgan kishining jazosi shunday bo‘ladi?» deb qichqirib, shahar, ko‘cha va bozorlarni aylantirdilar.
Fazl nomli mo‘‘tabar bir odamning ikki yaqin odami bor edi. Birining oti Nazar, yana birining oti Soqib edi. Bir kun Fazlning huzurida Nazar bilan Soqib bir-birlari bilan hazillashdilar, askiyabozlikka kirishdilar, oxir hazillari zilga aylandi, har ikkisi qizishib bir-birini haqorat qilishga, urishishga kirishdilar. Nazar Soqibni ikki qo‘li bilan silkib edi, Soqibning do‘ppisi yerga tushdi. U bundan juda ham achchig‘landi. Fazl unga:
— Nega juda ham g‘azablanding? Hazilkashlikda bunday ishlar juda ko‘p bo‘ladi. Do‘ppingning yerga tushishi bilan buncha achchig‘lanishing to‘g‘ri emas,— dedi.
Soqib achchig‘ini bosolmay:
— Nega achchig‘lanmayin? Sendek ulug‘ kishi huzurida do‘ppim yerga tushib ketib, obro‘yim to‘kildi,— degan edi, Fazl kulib:
— Do‘ppingning yerga tushib ketishi uchun muncha g‘azablanishing o‘rinsiz. Mening qoshimda sening obro‘ying to‘kilganiga ko‘pgina vaqt bo‘ldi. Esingda bor-mi, bir kup menga: «Mening otim bir kechaning o‘zidayoq Marv shahridan Nishopur shahriga yetdi»—deb yolg‘on so‘zlagan eding, o‘sha kundan boshlab so‘zingga ishonmay qoldim. Obro‘ying to‘kildi. Endi obro‘ uchun talashmay qo‘ya qol, yolg‘onchida qanday obro‘ bo‘ladi?— dedi.
Qit’a:
To ilojing bor esa, yondirma yolg‘ondan chirog‘,
Chunki yolg‘onning chirog‘i ichra yo‘qdir hech yog‘.
Har zamoniki agar yolg‘ondan ursang, bir nafas,
So‘ngra hargiz qilmagaysan obro‘yingdan so‘rog‘.
Ф. Саидназаров
Хива туман «Ҳасан Басрий» масжиди имом ноиби