Ona suti — Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng buyuk ne’matlardan biridir. U chaqaloq uchun nafaqat tabiiy ozuqa, balki mehr, shifo va sog‘lom hayot manbai hisoblanadi. Ona suti bilan ulg‘aygan farzand jismonan baquvvat, ruhan tetik va ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Shu bois xalqimiz azal-azaldan ona sutini muqaddas deb bilgan va unga alohida ehtirom bilan qaragan. Muqaddas dinimiz islomda ham ona va bola haqqiga katta ahamiyat berilgan. Qur’oni karimda onalarning bolalarini emizishi haqida marhamat qilingan bo‘lib, bu ona sutining naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Chunki ona suti bolaning sog‘lom o‘sishi, immunitetining mustahkam bo‘lishi va turli kasalliklardan himoyalanishida katta o‘rin tutadi. Tibbiyot ilmi ham bugungi kunda ona sutining foydalarini to‘liq tasdiqlamoqda.
Ona suti bilan oziqlangan bolalarda mehr-oqibat, xotirjamlik va ruhiy barqarorlik kuchli bo‘ladi. Emizish jarayonida ona va farzand o‘rtasidagi mehr rishtalari yanada mustahkamlanadi. Bu esa bolaning kelajakdagi tarbiyasi va insoniy fazilatlarining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ona bag‘rida ulg‘aygan, ona sutidan bahramand bo‘lgan farzand o‘z oilasiga, ota-onasiga va Vataniga sadoqatli inson bo‘lib yetishadi. Bugungi globallashuv davrida oilaviy qadriyatlarni asrash, sog‘lom avlodni tarbiyalash har qachongidan ham muhimdir. Sog‘lom avlod esa, avvalo, ona mehri va ona suti bilan voyaga yetadi. Ayrim hollarda yosh onalarning farzandni sun’iy oziq bilan boqishga shoshilishi bolaning sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun har bir ona o‘z farzandi salomatligi uchun mas’ul ekanini chuqur his qilishi zarur. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom onalarni ulug‘lashga, ularga yaxshilik qilishga buyurganlar. Chunki ona butun umrini farzandi kamoli uchun baxsh etadi. Ona suti esa ana shu buyuk mehrning eng pokiza ko‘rinishidir.
Ona suti farzand uchun eng foydali va bebaho ne’matdir. U bolaning jismoniy sog‘lomligi, aqliy rivoji va ma’naviy kamolotida muhim o‘rin tutadi. Har bir ona o‘z farzandiga mehr bilan g‘amxo‘rlik qilib, uni ona suti bilan voyaga yetkazsa, jamiyatimizda sog‘lom, barkamol va ma’naviyatli avlod kamol topadi.
F.Otaboeva
Qo’shko’pir tumani bosh otinoyisi